Vol. 1 No. 01 (2025): O‘ZBEK TILI TARAQQIYOTI VA XALQARO HAMKORLIK MASALALARI
Ushbu ilmiy maqolalar to‘plami O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-sonli Farmoniga muvofiq “2020- 2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiya”sida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2025-yilning 18-oktabr kuni ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejasi asosida tashkil qilingan “O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman materiallarini o‘z ichiga oladi. Maqolalar o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti, turkologiya, shevashunoslik, lug‘atshunoslik, o‘zbek tilshunosligidagi zamonaviy yo‘nalishlar masalalariga bag‘ishlangan. Maqolalarda o‘zbek tilining tarixiy ildizlarini yoritish, mumtoz manbalardagi tilshunoslikka doir qarashlarni o‘rganish, sotsiolingvistika, lingvokulturologiya, psixolingvistika, neyrolingvistika, kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika, lingvopoetika, lingvofolkloristika, lingvodidaktika, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi kabi zamonaviy yo‘nalishlarda integrativ yondashuv asosida tadqiqotlar olib borish, til nazariyasi va amaliy tilshunoslik, tarjimashunoslik muammolarini tahlil qilish o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan. Mazkur to‘plam tilshunoslikka doir masalalarni o‘zbek tili tarixi va bugungi taraqqiyotini uyg‘unlikda hamda integratsiya asosida tadqiq qilishga yo‘naltiradi. Mazkur toʻplam professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, tadqiqotchilar, magistrantlar hamda barcha qiziquvchilarga moʻljallangan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Kengashining 2025-yil 28-oktabrdagi majlisida muhokama qilingan va nashrga tavsiya qilingan (2-sonli bayonnoma).
Ilmiy maqolalar to‘plami elektron shaklda nashr etilgan.