Том 1 № 1 (2025): SHARQ MUMTOZ POETIKASI MUAMMOLARI: NAVOIY VA RUMIY

Sharq-islom madaniyatining ikki buyuk vakili – Alisher Navoiy va Jaloliddin Rumiy ijodi badiiyati, tarixiy-tipologik xossalarini ilmiy-nazariy tadqiq etishga qaratilgan “Sharq mumtoz poetikasi muammolari: Navoiy va Rumiy” mavzuidagi mazkur konferensiya materiallari ulkan geografik ko‘lami, tipologik talqinlari, tahliliy xulosalari bilan o‘ziga xosdir. To‘plam to‘rt bo‘limdan tashkil topgan. Har bir bo‘lim o‘zicha mustaqil ilmiy muammoni aks ettirishi bilan birga, Navoiy va Rumiy poetikasi sathida o‘zaro umumlashadi, jahon adabiyoti, qiyosiy adabiyotshunoslik, tarixiy hamda nazariy poetika, hozirgi adabiy jarayon muammolarini aks ettirishi bilan ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik ahamiyat kasb etadi.
Ilmiy to‘plam adabiyot nazariyasi, adabiy tanqid, adabiyot tarixi, qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjima nazariyasi, tarjimashunoslik bilan shug‘ullanayotgan doktorant, tayanch doktorantlar; magistrant va bakalavriyat bosqichi talabalari, shuningdek, badiiy adabiyot masalalari bilan qiziquvchilar uchun mo‘ljallangan.
To‘plam Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Ilmiy-texnik kengashining 2025-yil 3-apreldagi yig‘ilishi qaroriga asosan nashrga tavsiya etilgan.