ABROR HAYRATI

Authors

  • Ilyos Ismoilov

Abstract

Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostoni bilan о‘zining buyuk “Xamsa”sini boshlaydi. Asar 1483-yil masnaviy yо‘lida yozilgan bо‘lib, 3988 baytdan iborat. Nizomiy Ganjaviyning “Maxzan ul-asror”iga javoban yozilgan, lekin Navoiy bu asarini yozishda Xusrav Dehlaviyning “Matla ul-anvor” va Abdurahmon Jomiyning “Tuhfat ul-ahror” asarlaridan ham ta’sirlanganini qayd etadi. Dostonning muqaddimasi 21 bobdan, asosiy qismi 20 bobdan (20 maqolat va 20 hikoyatni о‘z ichiga olgan), xotimasi esa 2 bobdan tarkib topgan. Doston jami 43 bobdan tashkil topgan.
Asar chuqur mazmunga ega bо‘lib, uning mohiyatini ochishni nomini sharhlashdan boshlash lozim. Mavjud tadqiqotlarda asar nomi “Yaxshi kishilarning hayratlanishi”, “Yaxshilar hayrati” tarzida izohlanadi. “Yaxshi kishilar” sifati, umuman olganda, “abror” atamasiga muvofiq keladi, ammo u о‘ta umumiy mazmunga ega bо‘lib, “abror” istilohi xoslangan va Navoiy nazarda tutgan maxsus ma’noni aniq ifodalay olmaydi. Asar nomining “Abrorlar hayrati” tarzidagi ifodasida ham “-lar” qо‘shimchasi ortiqcha, chunki abror sо‘zining о‘zi kо‘plik shaklida. Doston nomining о‘zbek tiliga mos ifodasi, aslida, “Abror hayrati” bо‘lib, bundagi har ikki sо‘z maxsus termin bо‘lgani bois alohida izohlanishi zarur.

Downloads

Published

2026-07-10